2024-yil 16-aprel kuni Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Kiber huquq kafedrasi mudiri, professor Said Gulyamov Hindistonning nufuzli oliy o'quv yurti - National Forensic Sciences University (NFSU) vakillari bilan muhim uchrashuvda ishtirok etdi. Uchrashuv davomida NFSU Fakultet dekani Shankar Onkar Junare, Professor Purvi Pokhariyal va Axxonet tadqiqot markazi olimi Chetan Mukundan bilan TDYU o'rtasida qo'shma magistratura ta'lim dasturini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Muzokara yakunida TDYU va NFSU o'rtasida "Kiber jinoyat huquqi" va "Raqamli kriminalistika" mutaxassisliklari bo'yicha qo'shma magistratura dasturini tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi. Ushbu dastur doirasida yuridik sohada bakalavrni tamomlagan talabalar o'qishga qabul qilinadi va ta'lim jarayoni davomida har ikkala universitet kampusida tahsil olishlari nazarda tutilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida Hindistonning raqamli kriminalistika sohasidagi ilg'or tajribasi o'rganiladi va amaliyotga tatbiq etiladi. NFSU professor-o'qituvchilari tomonidan TDYU talabalari va magistrantlariga mazkur yo'nalish bo'yicha zamonaviy bilim va ko'nikmalar beriladi. Bundan tashqari, Hind mutaxassislari o'z tajribalarini o'rtoqlashish maqsadida TDYUga tashrif buyurib, seminar va mahorat darslari o'tkazishlari ko'zda tutilgan.
hu bilan birga, uchrashuv chog'ida TDYU va NFSU o'rtasida qo'shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Har ikkala universitet professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilari o'rtasida ilmiy hamkorlikni yo'lga qo'yish, birgalikda ilmiy maqolalar chop etish va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish masalalari ko'rib chiqildi. Bunday hamkorlik yuridik fanlar, xususan, kiberjinoyatchilik va raqamli kriminalistika sohalarida innovatsion g'oyalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Erishilgan kelishuvga muvofiq, mazkur innovatsion qo'shma magistratura dasturi 2024-yilning sentyabr oyidan o'z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar TDYU va NFSUning nufuzli xalqaro ilmiy-ta'lim markazlariga aylanishiga, shuningdek, O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga hissa qo'shadi. Qo'shma magistratura dasturi va ilmiy loyihalar yuridik ta'lim sifatini oshirish va innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.